Toshkentda ochiq ma’lumotlar boʻyicha navbatdagi xakaton boʻlib oʻtdi

204
8-12-2016, 14:03
0

Toshkentda 2016-yilning 24-27-noyabr kunlari ochiq ma’lumotlar asosida ilovalar, servislar hamda infografika yaratish bo’yicha «MIT.UZ Open Data Challenge 2016» tanlovi boʻlib oʻtdi. Joriy yilda 130 nafar ishtirokchini qamrab olgan mazkur xakaton Toshkentdagi Inxa Universitetida boʻlib oʻtdi.

 

 

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi, BMTTD Oʻzbekistondagi vakilligi, "Kamolot” YoIH, "Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish Markazi, UZINFOCOM Markazi va Toshkentdagi Inxa Universiteti ishtirokida tashkil etildi. Xakaton hamkori sifatida BePro dasturchilar Markazi va "Nestle Uzbekistan” MCHJ ishtirok etdi.

MIT.UZ Open Data Challenge tanlovi Oʻzbekistonda ochiq ma'lumotlar gʻoyasini ommalashtirish hamda dasturchilar va keng jamoatchilik e’tiborini respublikada nisbatan yangi hisoblangan ushbu bilimlar sohasiga jalb etish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilarga Oʻzbekistondagi davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va ochiq ma’lumotlar portalida mavjud axborotlar asosida ijtimoiy ahamiyatga molik va innovatsion ilovalar, bot va infografikani yaratish vazifasi qoʻyildi.

Xakaton dasturi ta’lim va tanlov qismlaridan iborat boʻldi.

Dastlabki ikki kun ichida (24-25-noyabr) ishtirokchilar uchun ma’lumotlar jurnalistikasi, ma’lumotlarni vizuallashtirish, ma’lumotlarga dasturiy ishlov berish, startaplarni yaratishga oid uslubiyotlar, fikrlash dizayni hamda xakatonlarda muvaffaqiyat qozonish sirlariga oid mahorat darslari, treninglar va taqdimotlar boʻlib oʻtdi.

Tanlovga maxsus taklif etilgan mehmon – Sankt-Peterburgdagi ITMO Universiteti dotsenti Irina Radchenko ochiq ma’lumotlar va ular bilan ishlash haqida soʻz yuritib, ishtirokchilarni ma’lumotlar shakli bilan tanishtirish maqsadida, zarur ma’lumotlarni izlash va ularni maqola, infografika yoki longrid koʻrinishida toʻgʻri taqdim etish boʻyicha mahorat darsi oʻtkazib berdi.

Toshkentdagi Inxa Universiteti professori Sarvar Abdullayev Python dasturlash tilida ma’lumotlarni tahlil etish boʻyicha qiziqarli trening oʻtib berib, xalqaro xakatondagi shaxsiy ishtiroki va yutugʻi haqidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Osiyo Taraqqiyot Banki loyihasi koordinatori Bohodir Ayupov oʻzining "Fikrlash dizayni” taqdimoti orqali, ijodiy yondashuvga asoslangan holda, masalalar yechimiga bogʻliq qiziqarli kreativ mavzularni ochib berdi.

Lamuz.uz loyihasi asoschisi Baxtiyor Xasanov Lean Startup uslubiyoti haqida soʻz yuritib, "ideal” mijoz portretini yaratish hamda tejamkor ishlab chiqarish konsepsiyasini namoyish etdi. Mazkur uslub rivojlanuvchi biznes yaratishda ilmiy yondashuvdan foydalanish va ortiqcha harajatlarni tejash imkonini beradi.

Tadbirning tanlov qismi 26-27-noyabr kunlari boʻlib oʻtdi. Hay’at a’zolariga dastlabki loyihalarini taqdim etish va sovrinlar uchun kurashish maqsadida, 1,5 kun davomida ishtirokchilar oʻz gʻoyalari ustida ish olib bordilar. Ular haqiqiy xakerlar muhitiga shoʻngʻib ketdilar. Guruhlarga xakaton murabbiylari, hamda, maxsus taklif etilgan mentorlar – professional dasturchilar yordam berdi.

Ushbu yilda tanlov nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun 31 ta jamoa ishtirok etib, ular ma’lumotlar tahliliga asoslangan holda, mentorlar yordamida ijtimoy va biznes-ilovalar, telegram-botlarning prototiplari, hamda infografika va maqolalar ustida ish olib bordilar.

Tanlovning asosiy sharti – mahsulot namunasi (ilova, xizmat, infografika yoki maqola) toʻliqligicha MIT.UZ Open Data Challenge 2016 da yaratilgan boʻlishi darkor va mavjud mahsulotni rivojlantirishga urinish boʻlishi mumkin emas. Bunda, ilgari tuzilgan ishlanma, adabiyot va modullardan tanlov doirasida qiymati qoʻshilgan component sifatida foydalanish mumkin edi.

27-noyabr kuni soat 17:00da barcha loyihalar hay’at a’zolariga taqdim etilib, turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar quyidagicha taqsimlandi:

Guruhlar birinchiligida:

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha (ilova)» deb nomlangan birinchi nominatsiya boʻyicha «MyWay – Barchasi avtoulov egalari uchun – AyoQTda benzinning mavjudligi, avtosugʻurtalash va hokazolar» loyihasi bilan AlphaZet guruhi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha (ilova)» deb nomlangan ikkinchi nominatsiya boʻyicha «License Analytics – ochiq ma’lumotlarni tahlil va tasavvur etish instrumenti» loyihasi bilan DigAge guruhi gʻolib chiqdi.

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan namoyishning eng yaxshi yechimi» deb nomlangan uchinchi nominatsiya boʻyicha «Global isish Oʻzbekiston misolida» longridi bilan Valkirii guruhi gʻolib boʻldi.

Shaxsiy birinchilikda:

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha (Telegram-bot)» deb nomlangan birinchi nominatsiya boʻyicha «@Dorilarbot – dorixona va dorivor vositalarni izlash» loyihasi bilan Nigora Asretdinova gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

«Ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi biznes loyiha (Telegram-bot)» deb nomlangan ikkinchi nominatsiya boʻyicha «@TadbirkorBot – tadbirkorlar uchun soliqlar boʻyicha qoʻllanma» loyihasi bilan Shukhrat Agzamov gʻolib chiqdi.

Shungdek, tanlov tashkilotchilari tomonidan «Xakatonnning eng innovatsion loyihasi» deb nomlangan maxsus nominatsiyasi kiritilib, unda hay’at azolari bir ovozdan «TICS – atrof-muhit monitoringi va ochiq ma’lumotlarni yaratish» loyihasini taqdim etgan IUTech guruhini gʻolib deb topdilar.

Butun diqqat-e’tibor jalb etilib ishlangan ushbu 4 kun samarasiz oʻtmadi. Har bir guruh a’lo natijalarni namoyish etib, u yoki bu darajada ishlaydigan prototipini va longrid shaklidagi toʻlaqonli maqolani taqdim etishga muvaffaq boʻldi.

Gʻoliblar va sovrindorlarni mukofotlash marosimi 2016-yil 12-dekabr kuni Yoshlar ijod saroyida boʻlib oʻtadi.

MIT.UZ Open Data Challenge 2016 ochiq ma’lumotlar g’oyasini targ’ib qilish va ular bilan ishlashni istagan insonlarning koʻpayishiga imkon beruvchi navbatdagi qadam boʻlib, uzoq muddatli natijalarga erishishga zamin yaratadi.

Ishtirokchilar izohlari:

Axmadjon Shamsuddinov, Toshkent shahridagi Inha universiteti talabasi:

— Axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotganim sababli "MIT.UZ Open Data Challenge” tanloviga qiziqish bildirdim. Bugun mazkur tanlov doirasida o’tkazilayotgan "Xakaton” nomli bellashuvning 2-kuni. Mamlakatimizning turli hududlaridan yig’ilgan yosh dasturchilar bir-biri bilan yaqindan tanishib, o’zaro fikr almashmoqdalar. Soha mutaxassislari tomonidan o’tkazilayotgan seminar-treninglar esa biz yoshlarga yangidan yangi bilim va ko’nikmalarni egallashimizga zamin yaratmoqda. Ayni paytda trener Baxtiyor Нasanovdan biznesni boshlash yo’llari haqida saboq olmoqdamiz

Avezov G’olib, Navoiy viloyati ishtirokchisi, "Compass group” MCHJda dasturchi:

— Faoliyatimiz veb sayt yaratishdan iborat. Shu kunga qadar 50 dan ortiq tashkilotlarning saytini ishlab chiqqanmiz. Mazkur tanlovda ochiq ma’lumotlarga asoslangan eng yaxshi ijtimoiy loyiha yo’nalishida o’z dasturim bilan qatnashmoqdaman. Ayniqsa, musobaqa doirasida o’tkazilayotgan master-klasslar kelgusi faoliyatimizda o’z samarasini ko’rsatishiga ishonaman.

Aziza Axmedova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) talabasi:

— Men bir talaba jurnalistika, endi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tugatish oz tajribaga ega emasman. Hackathon ishtirok etish maqsadi maqolalar yozib va ochiq ma'lumotlar asosida longridlar tuzish amaliy bilim, raqamli diplomatiya o'z ichiga olgan, shuningdek, ko'nikmalarini olish edi.

 

Manba: DATA.GOV.UZ

скачать шаблон для dle скачать бесплатно фильмы
Ma'lumotlar to'plami jadvali
Внимание

Для того что бы скачать файл вам нужно зарегистрироваться или войти!!!

Statistika
© 2016-2017 «Jizzax viloyati ochiq ma'lumotlar portali»